1. Mediasavodxonlik va axborot madaniyati ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, jamiyat taraqqiyoti bilan hamohang ravishda mazmunan doimiy rivojlanib boradi. Hozirgi kunda mediasavodxonlik va axborot madaniyati asosan to‘rt turga bo‘linadi: yozma, audial, vizual hamda texnik media savodxonlik va axborot madaniyat. Shaxsning media savodxonlik va axborot madaniyati esa quyidagi tarkibiy qismlarga ega: axborot faolligi; ma’lumotga bo‘lgan o‘z ehtiyojini to‘g‘ri shakllantirish qobiliyati; rivojlangan axborot motivatsiyasi, faollik, shu jumladan kognitiv va o‘qish, qidiruv xatti-harakati; axborot faoliyati ko‘nikmalarini egallash; shaxsiy axborot ehtiyojlarini tushunish darajasi; olinadigan ma’lumotlarni to‘g‘ri tanlash, tushunish va tanqidiy baholash qobiliyati; kommunikatsiya jarayonida ishtirok etish.
  2. “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati” axborot jamiyati madaniyatining alohida turi bo‘lib, u turli manbalardan (radio, televidenie, gazeta, telefon, internet, og‘zaki va yozma kommunikatsiyalar) olinadigan ma’lumotlarni idrok etish va ular bilan o‘zaro munosabat qilish jarayonida shaxsning media vositalari orqali olingan ma’lumotlarni qidirish, tadqiq qilish va tahlil qilish, uni tanqidiy baholash, turli janrdagi media matnlarini yaratish qobiliyatida namoyon bo‘ladigan bilimlari, his-tuyg‘ulari, munosabatlari va xulq-atvor reaktsiyalari to‘plamidan iboratdir. Axborot madaniyati umumiy madaniyatning emas, balki ko‘proq darajada kasbiy madaniyatning ko‘rsatkichidir, ammo vaqt o‘tishi bilan u har bir shaxs rivojlanishining muhim omillaridan biriga aylanishi mumkin, shuningdek “axborot madaniyati” tushunchasi insonlar hayotining axborot jihati bilan bog‘liq bo‘lgan madaniyat qirralaridan birini tavsiflaydi. “Axborot madaniyati” va “mediasavodxonlik” tushunchalari bir xil emas, ular ma’lum o‘xshashliklari bilan bir qatorda tub farqlarga ham ega.
  3. Media savodxonligi va axborot madaniyati vaqt o‘tishi bilan rivojlangan va o‘zgargan turli komponentlarni o‘z ichiga oladi. Mediasavodxonlikning eng muhim tarkibiy quyidagilar ekanligi ilmiy tahlillar asosida shakllantirildi: media mahsulotlar, media iste’moli, medialarni nazorat qilish, medianing ta’siri, mediainnovatsiya.
  4. “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati” fanini o‘qitish media savodxonlik va axborot madaniyatning ajralmas sifatida mediaga qaramlikdan himoya qilish metodlarini bilish hisoblanadi. Pedagogik kuzatishlar hamda ilmiy tadqiqotlar asosida mediaga qaramlikni bartaraf etuvchi metodlar quyidagicha tizimlashtirildi: vaqt menejmenti, o‘rganish muhiti, qat’iy yo‘naltirilgan ta’lim, bir vaqtda ko'p vazifalarni bajarishdan saqlanish (Multitasking), chalg‘ituvchi omillardan saqlanish, tanaffuslar, meditatsiya.
  5. Izlanishlar davomida “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati” fanini o‘qitishda keng tarqalgan, samarali turlaridan biri – ilmiy-ma’rifiy medialoyihalar ekanligi asoslandi. Ilmiy-ma’rifiy media loyihalar talabalarning global va respublika miqyosida amalga oshirilayotgan voqealik, bo‘lajak kasbiy faoliyatiga doir yangiliklar, muammolar bo‘yicha ilmiy tahlil qilish, refleksiv ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, talabalar shaxsiga hurmat va ta’lim mazmunida ijtimoiy tajriba, fikrlar xilma-xilligi, tashabbuskorlik, fikr-mulohazalarini ishonchli tahlil qilish imkoniyati hisobga olinadi. Tadqiqot ishi doirasida qo‘llanilgan ilmiy-ma’rifiy loyihalar kvantativ jihatdan samarali ekanligini ko‘rsatdi.
  6. Pedagogik oliy ta’lim muassasalarida “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati” fanini o‘qitish negizida talabalarning mediasavodxonlik va axborot madaniyatini rivojlantirishda quyidagi faoliyatlar amalga oshirish metodik jihatdan tavsiya etiladi: ilmiy-ma’rifiy media loyihalar, media-Workshop, media haftalik, media burchak, mediatanlovlar, ijtimoiy media loyihalar.
  7. Tadqiqot doirasida “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati” fanini o‘qitishda quyidagi variativ amaliy texnologiyalar ishlab chiqildi va tajriba-sinov obyektlarida tadbiq etildi: ilmiy-ma’rifiy medialoyihalar hamda “mediadidaktik soddalashtirish”, “mediatanqid”, “mediamahsulot ishlab chiqish”. Mazkur texnologiyalar tajriba-sinob obyektlarida tadbiq etildi va samaradorlikka erishildi.
  8. Tajriba-sinov ishlari yaxlitlik, obyektivlik, samaradorlik, ilmiylik, talaba shaxsiga insonparvar yondashuv, ilmiy axborotlarning zarurati va yetarli bo‘lishi, pedagogik tajriba-sinov ishlarini tizimli tashkil etish kabi umummilliy va xususiy-metodik tamoyillar asosida amalga oshirildi. Tadqiqot natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan va dissertatsiyada keltirilgan statistik tahlillar tajriba-sinov ishlari samarador ekanligini, tajriba guruhidagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichi nazorat guruhidagi o‘zlashtirishdan yuqori (13,4% ga) ekanligini tasdiqladi.