Jahon tajribasida oliy ta’lim muassasalari talabalarining kasbiy, ijtimoiy, shaxsiy kompetentsiyalarini rivojlantirish bilan bir qatorda, global dunyoda tez sur’atlar bilan kechayotgan ta’limni axborotlashtish jarayonlariga mos ravishda ularda mediamadaniyatni rivojlantirish bir tomondan ta’lim muassasasining vazifasi sifatida qaralsa, boshqa tomondan mehnat bozorining bo‘lg‘usi mutaxassislarga qo‘ygan muhim talablaridan biri bo‘lib bormoqda. O‘quv jarayonida zamonaviy mediatexnologiyarni qo‘llanilishi, axborot texnologiyalari (optik effektlar, 3D-ta’lim zallari) asosida loyihalash faoliyatini shakllantirish va rivojlantirish, kiberpedagogika, masofaviy ta’lim shakllarini keng tatbiq etish; ochiq ta’lim resurslari, aralash ta’lim (online/offline) texnologiyalarining qo‘llanilishi, bu orqali ta’limning samaradorligi oshirish va muntazam ravishda rivojlantirib borish dolzarb muammo sifatida qaralmoqda.
Dunyodagi intensiv globallashuv sharoitida media ta’sirning ko‘lami va tezligi oshib, ommaviy axborot vositalari, Internet va undagi ijtimoiy saytlar, kino sanoati orqali katta miqdor va miqyosda axborotlar uzatilmoqda. Zamonaviy dunyoni ommaviy axborot vositalari – mediasiz tasavvur etish qiyin. Oxirgi yarim asrda inson hayotida media asosiy o‘rinni tuta boshladi. Olimlarning ta’kidlashicha, hozirgi zamonda insonlar faol hayotining asosiy qismini media vositalari bilan o’tkazmoqda. Demak, insonlarda mediamadaniyatni rivojlantirish zarurati har qachongidanda muhimroq bo’lib bormoqda. Shu jihatdan olib qaralganda bo’lg`usi muhandis-pedagoglarda mediamadaniyatni rivojlantirish masalasi ilmiy-pedagogik zarurat hisoblanadi.
Mamlakatimiz ta’lim tizimini xalqaro ta’lim standartlari bilan uyg‘unlashtirib, oliy ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifati hamda raqobatbardoshligini ta’minlash, jahon amaliyotiga asoslangan oliy ta’lim tizimining sifat darajasini oshirish, talabalarning mediakompetentligini rivojlantirish, ularda mediamadaniyatni tarkib toptirish oliy ta’lim tizimining ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Ta’limni axborotlashtirish sharoitida zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari, internet tizimi, raqamli va keng formatli telekommunikatsiyalar bugungi kunda masofadan o‘qitish shaklining asosini tashkil etib, bu jarayonda butun faoliyat axborot masalasiga qaratiladi.